Bugun institutimizga Ruminiyaning Konstanta san’at muzeyi direktori, Konstanta Ovidius universiteti dotsenti, PhD Lelia Pîrvan-Rus tashrif buyurib, institutimiz rahbariyati va ular o'rtasida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvdan so‘ng mehmon institut faoliyati bilan yaqindan tanishib, ijodiy ustaxonalar, ko‘rgazmalar zali hamda ta’lim jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Ma'lumot uchun, tashrif davomida mehmonlar tomonidan institutimizda joriy yilning 4–10-may kunlari Erasmus+ dasturi doirasida MAREEN — “Dengiz ramzlari va vizual metamorfozalar” nomli ko'rgazma o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Loyiha Konstanta shahridagi Ovidius universiteti san’at fakulteti bilan hamkorlikda tashkil etilib, mahorat darslari va ko‘rgazma dasturini o‘z ichiga oladi.
Xususan, loyiha doirasida jodiy yilning 4-may kuni dotsent Lelia Pîrvan-Rus tomonidan institutimizning Haykaltaroshlik yo'nalishi talabalari uchun “Negativ relyef — dengiz tuzilmalari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazilib, unda chuqurlik va bo‘shliq orqali shakllanuvchi badiiy ifodalar hamda tabiiy jarayonlarning san’atdagi talqini yoritib beriladi.
Mazkur tashrif institutning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, tajriba almashish hamda talabalar uchun yangi ijodiy imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.