Institutimizda talabalar ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o'rtasida teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda ularning ma’naviy-estetik dunyoqarashini boyitish maqsadida, bugun institutning “Tasvir” talabalar teatr studiyasi tomonidan “Urush ortidagi hayot” nomli dramatik spektakl namoyish etildi. 

Mazkur spektakl urushning inson hayotiga, oilalar taqdiriga va jamiyat ruhiyatiga ko‘rsatgan ta’sirini chuqur badiiy talqin orqali ochib berdi. Sahnalashtiruvchi rejissyor spektakl oldidan o‘z fikrlarini bildirib, asar urushning nafaqat jang maydonidagi, balki inson qalbi va hayotdagi og‘riqli izlarini aks ettirishini ta’kidladi.

Spektaklda oddiy insonlarning sabr-toqati, sog‘inch bilan yashashi, qo‘rquv va umid orasidagi ruhiy kechinmalari yorqin obrazlar orqali gavdalantirilgan. Har bir qahramon taqdiri orqali tinchlikning qadri, insoniy mehr-muhabbat va matonatning ulug‘vorligi namoyon etiladi.

Spektaklda:

  • Ona rolini San’atshunoslik va amaliy san’at fakulteti talabasi Arifjonova Dilnoza,
  • Mirsodiq rolini Tasviriy san’at fakulteti talabasi Abdullayev Umriaziz,
  • Yusufjon rolini San’atshunoslik va amaliy san’at fakulteti talabasi Jo‘raqulov Bahodir,
  • Xalima rolini esa San’atshunoslik va amaliy san’at fakulteti talabasi Bozorova O‘g‘iloy mahorat bilan ijro etdilar.

Tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan ushbu sahna asari yosh ijodkorlarning aktyorlik mahorati, sahna madaniyati hamda teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini namoyon etdi. Spektakl yakunida ishtirokchilarga minnatdorlik bildirilib, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

5217472507240192093_121.jpg

5217472507240192089_121.jpg

 

5217584064720740154_121.jpg

5217472507240192091_121.jpg

5217472507240192116_121.jpg