Uchrashuvda institutimiz rektori Omonulla Salixov, mas’ul xodimlar hamda “Keng Makon” mebel fabrikasi rahbari Abduraxim Abduraxmanov ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari, xususan, ta’limni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilishning yangi bosqichlarini muhokama qildilar.
Suhbat davomida tomonlar institutning “Dizayn” kafedrasi talabalari uchun bevosita fabrika hududida kafedra filialini tashkil etish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Bu tashabbus talabalarning nazariy bilimlarini bevosita amaliyot bilan bog‘lashlari, zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda mebel sanoatida mahalliy dizaynerlar kadrlar zaxirasini shakllantirish, talabalarning kreativ loyihalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish hamda kelgusida qo‘shma ijodiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Bu kabi hamkorlik aloqalari institutimiz va xususiy sektor o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda milliy dizayn mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.