Mazkur seminar ochilishida Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rahbariyati va mas’ul xodimlari hamda akademiya tasarrufidagi barcha ta’lim muassasalari rahbar va xodimlari ishtirok etishdi.
Seminar doirasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “Badiiy ta’limda tasviriy va amaliy san’at: nazariya va amaliyot uyg‘unligida innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilafruz Qurbonova moderatorligida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjanova, institut rektori Omonulla Salixov, Badiiy akademiya tasarrufidagi ta’lim muassasalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, Navoiy davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, mavzu yuzasidan ma’ruzalar tinglandi hamda atroflicha muhokamalar olib borildi.
Konferensiya davomida tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirishning dolzarb masalalari, badiiy ta’limda innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, milliy san’at merosini ilmiy asosda o‘rganish va uni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, Nurota kashtachilik maktabi an’analarini asrash va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi ta’lim muassasalari, jumladan, institut va ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari o'rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada qo‘shma plenerlar tashkil etish, institut professor-o‘qituvchilari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish, o‘quvchilar uchun qisqa muddatli kurslar va “ochiq eshiklar kuni”ni yo‘lga qo‘yish, o‘quv-metodik ta’minotni takomillashtirish kabi amaliy takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, qo‘shma ko‘rgazmalar, tanlov va ijodiy loyihalarni tashkil etish, onlayn mahorat darslari va vebinarlar o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “ustoz–shogird” tizimini hududlarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida faol ishtirok etgan qatnashchilar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbirlar badiiy ta’lim tizimini takomillashtirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.