Davra suhbatida Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergovchisi, leytenant Mahkamov Davron Negmatjonovich, tezkor xodim Xadjayev Umid Pulatovich hamda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etib, "Giyohvandlik va narkojinoyatlarning jamiyat hamda yoshlar kelajagiga salbiy ta’siri" atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar tomonidan giyohvandlikning inson salomatligiga, oilaviy muhitga va jamiyat barqarorligiga yetkazadigan zararli oqibatlari misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni zararli illatlardan asrash, huquqiy savodxonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning fikr va mulohazalari tinglandi hamda dolzarb savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Ayniqsa, yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va ijodiy faoliyatga keng jalb etish orqali salbiy illatlarning oldini olish muhimligi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan giyohvandlikka qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyati muhim ekani, ayniqsa yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.