Kasbiy (ijodiy) imtihon topshirish jarayonida abituriyentlarga Chizmatasvir fani uchun qog‘oz (goznak), Kompozitsiya fani uchun qog‘oz (tarshon yoki xolst), haykaltaroshlik yo‘nalishi uchun maxsus loy institut qabul komissiyasi tomonidan taqdim etiladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, har bir abituriyentdan o‘zi uchun zarur bo‘lgan ish qurollarini (qalam, o‘chirg‘ich, qalam ochgich, moybo‘yoq, akvarel va h.k.z.) o‘zlari bilan olib kelishlari so‘raladi.
Shuningdek:
"San'atshunoslik (Tasviriy va amaliy san'at)" ta'lim yo'nalishiga kirish imtihonlarida Tasviriy va amaliy san'at tarixi hamda O‘zbekiston san'ati tarixi fanlaridan yozma ish uchun daftar va ruchka institut tomonidan taqdim etiladi.
San'atshunoslik (San'at jurnalistikasi) ta'lim yo'nalishiga kirish imtihonlarida San'at jurnalistikasi hamda San'at asarlari tahlili fanlaridan berilgan savollarga abituriyent og'zaki javob beradi.
Hurmatli abituriyentlar, Kasbiy (ijodiy) imtihon kunlari imtihon boshlanishidan 1 soat avval shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta) hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan imtihon o‘tkaziladigan manzilga yetib kelishingiz lozim. Belgilangan vaqtdan kech yetib kelgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki ID karta) va abituriyent ruxsatnomasini taqdim etmagan abituriyentlar imtihonlarga kiritilmaydi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarga kelgan abituriyentlar maxsus nazorat punktida tekshiruvdan o‘tkazilgan holda imtihon hududiga kiritiladi. Imtihon hududiga uyali aloqa vositalari, har-xil turdagi elektron gadjet va uskunalar, chizmalar va ularning nusxalarini olib kirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Imtihon boshlanganidan so‘ng yashirin tarzda taqiqlangan buyum va vositalarni olib kirganligi yoki ulardan foydalanganligi aniqlangan abituriyentlar belgilangan tartibda dalolatnoma tuzilgan holda imtihonlardan chetlashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar belgilangan grafik asosida institutning bosh binosida o‘tkaziladi.