Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti va Yakkasaroy tumani hokimligi hamkorligida bugun “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida Libos dizayni yo‘nalishi talabalari tomonidan “Etno liboslar” moda namoyishi tashkil etildi. Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi, Oliy sud rahbariyati, Oliy Majlis Senati a'zolari, institut rahbariyati hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Namoyishda yosh dizaynerlarning ishlari milliy an’analar va zamonaviy yondashuv uyg‘unligida yaratilgani, badiiy yechimlar va estetik did bilan ajralib turdi.
Shuningdek, tadbir davomida talabalarimiz tomonidan Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova uchun maxsus yaratilgan libos taqdim etilib, keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Mazkur tashabbus avvalroq Yakkasaroy tumani hokimi ishtirokida institutimizda o‘tkazilgan rahbar va yoshlar uchrashuvida ilgari surilgan bo‘lib, bugun uning amaliy natijaga aylanishi yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.
Ushbu moda namoyishi talabalar ijodiy salohiyatini namoyish etish, milliy moda yo‘nalishini rivojlantirish va an’anaviy qadriyatlarni zamonaviy talqinda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida institutimiz rahbariyati va faol talabalar Yakkasaroy tumani hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.