Bugungi kunda san’at, dizayn va san’atshunoslik sohasi jadal rivojlanib, raqamli texnologiyalar va yangi ijodiy yo‘nalishlar bilan chambarchas bog‘lanmoqda. Bu esa zamonaviy mutaxassisdan an’anaviy bilimlar bilan bir qatorda, innovatsion texnologiyalarni ham puxta egallashni talab etmoqda.
Institutimizda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish va talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Institutda ko‘p yillik akademik maktab an’analari zamonaviy ta’lim yondashuvlari bilan uyg‘unlashtirilib, akademik rassomlik, rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik va dizayn yo‘nalishlaridagi fundamental bilimlar zamonaviy ijodiy vositalar bilan boyitilmoqda.
Ta’lim jarayoniga raqamli media, grafik dasturlar, multimedia va boshqa zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilishi talabalarga ijodiy g‘oyalarini yangi formatlarda amalga oshirish imkonini bermoqda.
Talabalarning kasbiy rivojida amaliy tajribaga ham katta ahamiyat berilib, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, taniqli rassomlar, dizaynerlar, san’atshunoslar va xalqaro ijodkorlar ishtirokida master-klasslar, ochiq darslar va ijodiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu jarayon yoshlarning mustaqil fikrlashi, ijodiy uslubini shakllantirishi va o‘z ishlarini professional nuqtayi nazardan tahlil qilishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, talabalar turli ijodiy loyihalar, ko‘rgazmalar va amaliy topshiriqlarda faol ishtirok etib, nazariy bilimlarini real jarayonlarda sinab ko‘rmoqda.
Institutda shakllantirilayotgan yangi avlod mutaxassisi — an’anaviy san’at maktabini puxta egallagan, zamonaviy texnologiyalardan foydalana oladigan, mustaqil fikrlaydigan va ijodiy g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantira oladigan professional ijodkor sifatida qaralmoqda.