Bugun institutimizning Tasviriy san'at fakulteti “Dastgohli rangtasvir” kafedrasi professori, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi Sabirjan Raxmetov hamda “Dastgohli rangtasvir” kafedrasi o'qituvchisi Sarvar Sulaymonovlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga tashrif buyurib, maktab o‘quvchilari bilan ijodiy uchrashuv va mahorat darslari tashkil etishdi.

Uchrashuv davomida vakillarimiz tomonidan mazkur maktab-internat o'quvchilarga institutimiz faoliyati, ta'lim yo'nalishlari hamda unda talabalar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma'lumotlar berildi.

Shuningdek, tadbir doirasida ushbu maktab-internati bitiruvchi sinf o‘quvchilarining ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazmalar tashkil etildi. Institutimiz vakillari o'quvchilarning ishlariga baho berib, ularning ijodiy yondashuvi va salohiyatidan kelib chiqgan holda kelgusida faoliyatini davom ettirishi mumkin bo'lgan yo'nalishlar bo'yicha o'z tavsiyalarini berishdi.

Tadbirlar yakunida Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati rahbariyati hamda ko'rgazmalarda faol ishtirok etgan o'quvchilarga institutimiz rahbariyatining tashakkurnomalari topshirildi.