Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy islohotlarni o'rganish hamda Islom sivilizatsiyasining boy tarixi va uning merosi bilan yaqindan tanishish maqsadida, "O‘zbek va xorijiy tillar" kafedrasi tashabbusi bilan institutimiz professor-o'qituvchilari va talabalari tomonidan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida talabalar Markazning zamonaviy ekspozitsiyalari, tarixiy qo‘lyozmalar, noyob kitoblar hamda Islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlarini aks ettiruvchi ilmiy-ma’rifiy materiallar bilan yaqindan tanishdilar. Markaz mutaxassislari tomonidan berilgan batafsil ma’lumotlar talabalarga Markaz faoliyati, uning ilm-fan va madaniyat rivojidagi o‘rni hamda buyuk allomalarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida keng tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Ayniqsa, talabalarda buyuk mutafakkirlar merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar katta taassurot qoldirdi. Ushbu eksponatlar orqali yoshlar ilm-fan, san’at va madaniyatning turli sohalarida yurtimiz allomalari qoldirgan boy merosni chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, ekskursiya davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, markaz faoliyati hamda unda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida atroflicha ma’lumot oldilar.
Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tashriflar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularning tarixiy xotirasini mustahkamlash hamda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shubhasiz, mazkur tashrif talaba-yoshlarda milliy merosimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish, tarixiy qadriyatlarimizni chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan intilishni kuchaytirish hamda ularning ma’naviy kamolotiga xizmat qiladigan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.