Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, aziz ustozlar va qadrli talaba-yoshlar!

Sizlarni 21-mart — "Navroʻz umumxalq bayrami" bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Navroʻz — xalqimizning qadimiy urf-odatlari, boy ma’naviy merosi va milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan ulug‘ ayyomdir. Ushbu bayram asrlar davomida xalqimizni ezgulikka, mehr-oqibatga, bag‘rikenglik va hamjihatlikka chorlab kelgan. Bahorning kirib kelishi, tabiatning uyg‘onishi bilan birga, inson qalbida ham yangilanish, poklanish va yangi maqsadlar sari intilish tuyg‘ulari kuchayadi.

Hurmatli ustozlar va hamkasblar! Sizlarning ta’lim-tarbiya, ilm-fan va san’at rivoji yo‘lidagi fidokorona mehnatingiz, yoshlarga nafaqat bilim, balki milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiya berishdagi sa’y-harakatlaringiz alohida tahsinga loyiq. Sizlar tomonidan asrab-avaylanayotgan va rivojlantirilayotgan milliy san’at an’analari kelgusi avlod uchun mustahkam poydevordir. Bu boradagi izchil mehnatingiz institutimiz nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Aziz talaba-yoshlar! Sizlar bugungi kunda nafaqat bilim olib, balki milliy merosimizni chuqur anglab, uni zamonaviy yondashuvlar bilan boyitishga intilayotgan avlod vakillaridirsiz. Navroʻz bayrami, ya'ni, yangi kunlar sizlarda yangicha g‘oyalar, ijodiy ilhom va yuksak maqsadlar sari intilish ruhini yanada mustahkamlashiga ishonaman. Sizlardan ajdodlarimiz merosiga hurmat bilan qarab, uni kelajak avlodlarga yetkazishda munosib hissa qo‘shishingizni kutib qolamiz.

Hurmatli jamoa a’zolari! Navroʻz barchamizni birlashtiradigan, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi bayramdir. Ushbu ayyom har birimizni yaxshi niyatlar qilishga, ezgu ishlarga qo‘l urishga undaydi. 

Yana bir bor barchangizni ushbu qutlug‘ bayram bilan muborakbod etib, sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, totuvlik, farovonlik hamda mas’uliyatli faoliyatingizda yangi yutuq va zafarlar tilayman. Har bir kuningiz ezgu niyatlar va xayrli ishlarga boy bo'lsin. Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayz-baraka, qalblarimizda esa doimo bahoriy kayfiyat hukm sursin.

Navroʻzi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salixov.