Assalomu alaykum, hurmatli va qadrli hamkasblar, aziz opa-singillar hamda talaba-qizlar!

Sizlarni 8-mart - “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan chin dildan, samimiy muborakbod etaman!

Muhtarama ayollar, Sizlarning jamiyatimizdagi o‘rningiz va nufuzingiz beqiyosdir. Ilm-fan, ta’lim, san’at va madaniyat sohalarida olib borayotgan samarali faoliyatingiz, yuksak mas’uliyat, matonat va fidoyiligingiz institutimiz taraqqiyoti hamda ma’naviy muhitining mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, san’at va dizayn sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarimizning nozik didi, ijodkorlik salohiyati va tashabbuskorligi yosh avlodni estetik tafakkur, go‘zallikni anglash va qadrlash ruhida tarbiyalashda alohida o‘rin tutadi. Sizlarning ilmiy-ijodiy izlanishlaringiz, pedagogik mahoratingiz va tashkiliy faolligingiz institutimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

 Aziz talaba-qizlar! Sizlar bugungi kunda bilim va ijod yo‘lida intilib, ertangi kunning yetuk mutaxassislari, san’at va dizayn sohasi vakillari sifatida kamol topmoqdasiz. Sizlardan mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z ustingizda tinimsiz ishlashingizni, milliy va zamonaviy san’at rivojiga o‘z hissangizni qo‘shishingizni kutib qolamiz.

Hurmatli opa-singillar! Shuni ham alohida ta’kidlashimiz kerakki, Sizlarning oiladagi mehr-muhabbatingiz, ish faoliyatingizdagi mas’uliyat va jonkuyarligingiz jamiyatimiz barqarorligi va taraqqiyotining muhim omilidir. Sizlarga bo‘lgan hurmat va ehtiromimiz doim yuksak va cheksizdir.

Yana bir bor barchangizni ushbu qutlug‘ bayram bilan tabriklab, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, faoliyatingizda yuksak muvaffaqiyat va ulkan zafarlar tilayman. Hayotingiz hamisha bahoriy kayfiyat, quvonch va go‘zalliklarga boy bo‘lsin!

Hurmat bilan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salixov.