Assalomu alaykum, hurmatli va qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
Sizlarni kirib kelayotgan Yangi 2026-yil bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman! Yakunlanib borayotgan yil institutimiz hayotida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy va ijodiy salohiyatni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn sohalarida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Bu natijalar, avvalo, Sizlarning fidokorona mehnatingiz, mas’uliyatli yondashuvingiz va jamoaviy hamjihatligingiz samarasidir.
Kirib kelayotgan yangi yil ham oldimizga yanada mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ham ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalari vakillari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Kelgusi davrda institut faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy ta’lim talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilm-fan va san’at integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan ilgari surilayotgan ilmiy hamda ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Aziz talabalar! Kirib kelayotgan Yangi yil Sizlar uchun yangi imkoniyatlar, ilhom va yuksak natijalarga erishish davri bo‘lsin. Sizlardan mavjud shart-sharoitlardan unumli foydalanib, bilim va mahoratingizni oshirish, ijodiy izlanishlarni davom ettirishni kutib qolamiz. Hurmatli hamkasblar! Sizlarning fidokorona mehnatingiz, kasbiy sadoqatingiz va tashabbuskorligingiz institutimizning ilmiy-ijodiy rivoji, ta’lim sifatining oshishi va yoshlarimizning yetuk shaxs sifatida tarbiyalanishi yo‘lida beqiyos ahamiyatga ega. Yangi yil Sizlarga kasbiy muvaffaqiyatlar, ilmiy-ijodiy yutuqlar, yangi tashabbuslar va ulkan zafarlar olib kelsin.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy tinchlik-xotirjamlik, ijodiy ilhom, kasbiy muvaffaqiyatlar hamda Yangi yilda yangi marralarni zabt etishingizni tilab qolaman. Kelayotgan yil institutimiz va jamoamiz uchun barakali, mazmunli va sermahsul bo‘lsin.
Kirib kelayotgan yangi 2026-yil barchamizga muborak bo'lsin!