Bugun institutimizda “Ikki buyuk siymo — bir buyuk ma’naviyat” mavzusida ulug‘ mutafakkirlarimiz — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ikki buyuk siymoning boy ijodiy merosi, yuksak ma’naviy olami va bebaho asarlari yana bir bor yodga olinib, ularning milliy o‘zligimiz va ma’naviyatimiz taraqqiyotidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. She’rlar, sahna ko‘rinishlari va musiqiy chiqishlar orqali Navoiy va Bobur siymolari qalblarda yanada jonlandi.
Jumladan, mazkur tadbirda institutimiz rahbariyati, xodimlar, professor-o'qituvchilar va talabalar ishtirok etib, unda taklif etilgan mehmonlar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent Ishonxanova Iroda Abduvaxitovna va O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Erkin Hojimuhammadlar tomonidan Navoiy va Bobur hayoti va ijodi haqida so'z yuritilgan bo'lsa, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san'ati instituti ijodkor yoshlari hamda institutimiz talabalari ijrosida ikki buyuk siymo qalamiga mansub g'azallardan yaratilgan kuy-qo'shiqlar ijro etildi.
Tadbir ko‘tarinki ruh, samimiy va ilhomga boy muhitda o‘tib, unda ishtirokchilar buyuk ajdodlarimiz merosidan ruhlanib, ma’naviyat va adabiyotga bo‘lgan mehrlarini yana bir bor namoyon etdilar.