Bugun institutimizda talaba-yoshlar hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy-ijodiy salohiyatini yuksaltirish, ularni davlat stipendiyalari, ilmiy tanlovlar va startap loyihalariga keng jalb etish maqsadida “Mavjud ilmiy manbalar, stipendiyalar va startap loyihalari” mavzusida amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminarni institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilafruz Qurbonova ochib berib, institut ilmiy nashrlari, ulardan foydalanish va maqolalar chop etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Shundan so'ng, Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Shahzodbek Risqiboyev davlat stipendiyalari va tanlovlarda ishtirok etish, hujjatlarni tayyorlash hamda portfolio shakllantirish tartibini tushuntirdi.
Seminar doirasida IT Technopark rahbari, Moliyaviy bozorlar eksperti va tahlilchsi, Tasviriy san’at fakulteti 1-bosqich magistranti Akobir Ismoilov esa startap loyihalarni shakllantirish, ijodiy g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va grant imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Seminar davomida tadbirkor tomonidan eng faol ishtirok etgan talaba moddiy rag'batlantirildi.
Mazkur seminar-trening talaba-yoshlar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy-ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion fikrlashini rivojlantirish hamda ularning ilmiy va amaliy loyihalardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.