Bugungi tashrif talaba-yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammolari, taklif va tashabbuslarini bevosita tinglash hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Tashrif doirasida “Rahbar va yoshlar" uchrashuvi ham o'tkazilib, rektor talabalar bilan ochiq muloqot qildi.
Tashrif davomida talabalar turar joyidagi yashash sharoitlari, mavjud infratuzilma va yaratilgan qulayliklar atroflicha o‘rganilib, aniqlangan masalalarning bir qismi joyida hal etildi, qolganlari yuzasidan esa tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, talabalar bilan ochiq muloqot davomida ularning ta’lim jarayoni, ilmiy-ijodiy faoliyati, startap tashabbuslari hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Uchrashuv doirasida talabalar tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar taqdimoti mobaynida yoshlarning ilg‘or va innovatsion g‘oyalari rektor tomonidan yuqori baholandi hamda ularni amaliyotga joriy etish, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Mazkur tashabbus talabalarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish hamda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.