Bugungi kun institutimiz tarixiga yana bir muhim sana sifatida muhrlanib, yangi tashkil etilgan "Ko‘rgazmalar zali" va undagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari ijodiy asarlari ko‘rgazmasi”ning ochilish marosimi o'tkazilib, marosimda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati, Mahalliy hokimlik vakillari, xorijiy va mahalliy hamkor tashkilotlarning rahbarlari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari hamda institut professor-o'qituvchilari ishtirok etishdi.
Dastlab, Ko‘rgazmalar zali va undagi ilk ko'rgazmani institutimiz rektori Omonulla Salixov so'zga chiqgan holda ochib berib, ushbu ko'rgazmalar zalini tashkil etish institut faoliyati uchun juda muhim bo'lganligi hamda O'zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyatining qo‘llab-quvvatlovi va institut ahil jamoasining birdamligi natijasida yangi zalni qurib, foydalanishga topshirishga erishilganligi ta'kidlandi.
Ushbu ko‘rgazmalar zalining birinchi ishi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari ijodiy asarlari ko‘rgazmasi” bilan boshlanishi esa, nafaqat badiiy merosni namoyish etish, balki ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va milliy san’at maktabida “Ustoz-shogird an’analari” asosida uzviylikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O'zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov, "Dastgohli rangtasvir” kafedrasi professori, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Sabirjan Raxmetov, O'zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, San'atshunoslik fanlari doktori Kamola Akilova, Institut Kengashi kotibi Xolbuvi Akbarovalar so'zga chiqib, institut jamoasi va barcha tadbir ishtirokchilarini "Ko'rgazmalar zali"ning ochilishi bilan tabriklab, o'zlarining samimiy tilaklari va fikrlarini bildirdilar.
Mazkur zamonaviy ko‘rgazma zalining eshiklari turli san’at loyihalari uchun hamisha ochiq bo‘lib, pedagoglar hamda talabalar, nazariyotchilar hamda amaliyotchilar uchun ijodiy platforma vazifasini bajaradi hamda ko‘plab yangi va yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.