Bugun institutimizga Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, Mirobod tumani prokurori, adliya maslahatchisi Bobur Abdullayev, Mirobod tumani IIO FMB boshligʻi, podpolkovnik Ulug'bek Nasriddinov hamda ushbu tashkilotlarning mas'ul xodimlari tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida mehmonlar institutimizda yangi tashkil etilgan ko'rgazmalar zali va undagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklarining ijodiy asarlari ko'rgazmasi, shuningdek, o'quv jarayoni, o'quv-ijodiy ustaxonalaridagi talabalar ishtirokidagi amaliy mashg'ulotlar va “Talabalar ijodi” yo‘lak ko‘rgazmasi bilan tanishib, institut faoliyati va talabalarninig ijodiy salohiyatini yuksak baholashdi.
Shundan so'ng, institutimizga tashrif buyurgan mehmonlar hamda institutimiz rahbariyati va 300 nafardan ortiq talabalar ishtirokida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o'tkazilib, talabalarning taklif va tashabbuslari rahbarlar tomonidan tinglandi. Samimiy va ko'tarinki ruhda o'tgan ochiq muloqotda talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga ham tegishli tashkilotlar va institut rahbariyatidan javob olishdi. Shuningdek, uchrashuvda talabalar tomonidan bildirilgan tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha rejalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, institutimiz talaba-yoshlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, giyohvandlik hamda qurol-yarog‘ning noqonuniy aylanishi va unga qarshi turishni shakllantirish maqsadida, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning fevral oyida e'lon qilingan “Tasviriy san’at ishlari” tanloviga kelib tushgan ishlar ham mehmon rahbarlar va institutimiz mutaxassislari tomonidan ko'rib chiqilib baholandi hamda yoshlar bilan uchrashuv mobaynida g'olib deb topilgan ishlarning mualliflari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Rahbarlarning mazkur tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarning ijodiy salohiyati, ta’lim jarayoni hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, institutda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va yoshlar bilan bevosita muloqot o‘tkazishdan iborat bo'ldi.