Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizdagi barcha vazirlik, idora va hokimliklarda har haftaning payshanba kuni — “Yoshlar kuni” etib belgilanganligi munosabati bilan, bugun institutimizda talabalarning ilmiy, ijodiy hamda innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini rag‘batlantirish hamda ta’lim jarayonida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida, institut rahbariyati va talaba yoshlar ishtirokida ochiq muloqot va davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatini institutimiz rektori Omonulla Salixov ochib berib, yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish Davlat siyosatining, xususan, oliy ta’lim tizimining muhim vazifalaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida iqtidorli talabalar o'zlarining san’at, dizayn, kreativ industriyalar hamda innovatsion texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan holda yaratilgan startap loyihalarini taqdim etishdi hamda institut rahbariyati bilan birga loyihalarni rivojlantirish, qo'llab-quvvatlash va moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi. Har bir talabaning ishlab chiqgan startap loyihasi alohida ko'rib chiqildi va ularning amaliy ahamiyati va rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tgan davra suhbatida talaba-yoshlar o‘z fikr va takliflarini erkin bildirdilar. Tadbir yakunida institut rahbariyati talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning loyihalarini amaliyotga joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’kidladi.