Avval xabar berganimizdek, kuni kecha institutimiz hamda O‘zbekiston Voleybol Federatsiyasi o'rtasida talaba yoshlarning sport bilan shug'ullanishi va bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishi uchun sharoitlarni kengaytirish maqsadida, hamkorlik memorandumi imzolanib, memorandumdagi qator kelishuvlar bilan birga haftaning har payshanba kuni - "Yoshlar kuni" doirasida "Voleybol" bo'yicha sport musobaqalari va mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan edi.
Bugun mazkur memorandumga asosan, institutimizda O’zbekiston Voleybol Federatsiyasi mas'ul mutaxassislari hamda Voleybol bo'yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Isaenok Olga Viktorovna ishtirokida institutimiz talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsi davomida mehmonlar o‘zlarining sport faoliyati, voleybol sport turining rivojlanishi, professional sportdagi tajribasini talabalarga ulashdilar hamda O'zbekiston Voleybol Federatsiyasi tomonidan ajratilgan sport formalari va koptoklarni topshirdilar. Shuningdek, talabalarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olish hamda sport sohasidagi qimmatli tajribalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.