Joriy yilning 21–22-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi davlat universitetida bo‘lib, oliygoh faoliyati, ta’lim jarayoni va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgan edi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, 30-oktabrdan 4-noyabrga qadar respublikamizdagi oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari va tegishli soha prorektorlari ishtirokida Qarshi davlat universitetida shakllangan “Qashqadaryo tajribasi”ni o‘rganish hamda ilg‘or tajribalarni boshqa oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etishga qaratilgan tajriba almashish jarayonlari tashkil etilmoqda.
Bugun mazkur jarayonda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salixov ham ishtirok etmoqda.
Tashrif davomida Qarshi davlat universitetining zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, jumladan, Tillar fakultetining o‘quv binosi, Anjumanlar saroyi, Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi hamda Xalqaro ilmiy laboratoriyalar markazi faoliyati bilan tanishilmoqda. Shuningdek, universitetda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
O‘rganishlar doirasida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash hamda zamonaviy ta’lim infratuzilmasidan samarali foydalanishga oid tajribalar tahlil qilinmoqda.
Ushbu tajriba almashish jarayonlari davomida o‘rganilgan ilg‘or yondashuvlarni institut faoliyatiga tatbiq etish, ta’lim sifatini oshirish va boshqaruv samaradorligini yanada takomillashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratiladi.