Bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Voqealar gorizonti” mavzusidagi XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov so‘zga chiqib, biennale ishtirokchilariga tabrik yo'lladi hamda xalqaro tadbirni rasman ochib berdi.
Joriy yilda 29 ta mamlakatdan 70 nafardan ortiq xorijlik, shuningdek ko'plab mahalliy ijodkorlarni birlashtirgan mazkur biennale zamonaviy san’atning turli yo‘nalishlari, ijodiy izlanishlar va madaniyatlararo muloqot uchun muhim xalqaro maydon hisoblanadi. Tadbir dasturidan ko‘rgazmalar, tasviriy san’atga oid albom va kitoblar taqdimotlari, mahorat darslari hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘rin olgan.
Biennalening tantanali ochilish marosimida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rahbariyati, xodimlari, professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ham faol ishtirok etdi. Mazkur xalqaro tadbir institut jamoasi uchun zamonaviy san’atning yangi tendensiyalari bilan tanishish, xorijiy ijodkorlar tajribasini o‘rganish va xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o'tamiz, Biennale doirasidagi tadbirlar institutimizda ham davom etadi. Xususan, joriy yilning 16-oktabr kuni institutimizda Hindistonlik taniqli rassom Ajitvar Kumarning ma’ruzasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv davomida talaba-yoshlar va san’at ixlosmandlari Hindiston tasviriy san’ati bilan yaqindan tanishish, rassomning ijodiy yondashuvi va tajribasini o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.